O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 10-sentabrda 1856-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 18-iyundagi 14-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini yuritish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3311, 19.06.2021-y.) asosan 2021-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 5-avgustdagi 304-sonli qarorini bajarish hamda O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini yuritish tartibini takomillashtirish maqsadida, buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatiga olinsin va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A. Inanbabayev):
ushbu normativ-huquqiy hujjatni 10 kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini yuritishga doir faoliyatini muvofiqlashtirishni va nazorat qilishni, shuningdek ularga tegishli metodik yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2000-yil 30-dekabrdagi 178-mh-sonli “O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy-huquqiy hujjatlarining davlat hisobi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1000, 2000-yil 30-dekabr — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-yil, 24-son) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
5. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kundan keyin kuchga kiradi.
6. Ushbu buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.