Xorazm viloyati, Yangiariq tumani Qoraqosh qishlogʼi mustaqillik mahallasi

  • Ta'lim vazirligi qaror va farmonlari
  • 12-06-2025, 17:31

Talim haqida

Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyatining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish hamda professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida rivojlantirish maqsadida:
1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) markaziy apparati tuzilmasida:
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritilsin;
Professional ta’lim-o‘quv metodik muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi negizida Professional ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etilsin.
2. Belgilansinki:
a) oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Professional ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori hisoblanadi;
b) oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:
vazirlik tizimidagi professional ta’lim muassasalari faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularda ish samarali tashkil etilishini ta’minlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
professional ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash sifatini, ta’lim dasturlari mazmuni va darajasini Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va milliy malaka ramkalari talablariga mosligini ta’minlaydi;
ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflari, ilg‘or xorijiy tajriba, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda professional ta’lim muassasalarida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
professional ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari, elektron ta’lim resurslari va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash hamda ta’lim jarayoniga joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
professional ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni xalqaro amaliyotga muvofiq tashkil etilishi, sohada yangi pedagogik texnologiyalar va o‘qitish uslublari joriy qilinishini ta’minlaydi;
professional ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari bilan integratsiyasini ta’minlash, sohada dual ta’lim shaklini rivojlantirish, o‘quvchilar amaliyotini yuqori saviyada tashkil etish va kelgusida ularni ish bilan band qilish choralarini ko‘radi;
professional ta’lim tizimi uchun yuqori malakali o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari tayyorlanishini ta’minlaydi, soha xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi;
professional ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, investitsiyalar, shu jumladan xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘radi, ularning samarali ishlatilishini nazorat qiladi;
Vazirlik tasarrufidagi professional ta’lim muassasalari bino va inshootlarini joriy saqlash va jihozlash, shuningdek, ularni zarur xomashyo bilan ta’minlash ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
v) oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini kiritish hamda Professional ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamentini tashkil etish uchun talab etiladigan 30 nafar shtat birligi Vazirlikning amaldagi shtat birliklari doirasida hamda 1-ilovaga muvofiq tasarrufida tugatilayotgan professional ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va davlat qo‘mitalarining 16 nafar shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4391-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
4. Vazirlik uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi to‘g‘risida yangilangan nizom loyihasini;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Manzil

  • Xorazm viloyati, Yangiariq tumani Qoraqosh qishlogʼi mustaqillik mahallasi
  • +998 (62) 38-55-731
  • info@yangiariq38-idum.uz
  • Ish vaqti: 9:00 - 18:00
«    Декабрь 2025    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031 

Yil dasturi

Maktab manzili